Oktyabrda ayrim mashinalar narxi pasaydi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan avtomobil narxlari tahlil qilindi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2024-yilning oktyabr oyida avtomobil narxlari tahlil qilindi.

2024-yilning oktyabr oyida ikkilamchi avtomobil bozorida “Lacetti”, “Damas”, “Labo” narxlari pasayishda davom etdi. “Spark” oʻrtacha narxlari biroz koʻtarilgan boʻlsa, “Cobalt” va “Nexia” narxlarida deyarli oʻzgarish kuzatilmadi.

Mahalliy ommabop avtomobillar narxlari. Joriy yilning oktyabr oyida ikkilamchi bozorda koʻp foydalanilgan “Lacetti”, “Damas”, “Labo” avtomobillar oʻrtacha narxlari sentyabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5%, 6,3% va 2,0%ga pasaygan boʻlsa, oʻrtacha foydalanilganlari mos ravishda 0,3%, 0,6% va 3,5%ga arzonladi. Koʻp foydalanilgan “Spark” avtomobilining oʻrtacha narxi 2,2%ga, oʻrtacha foydalanilgani 2,9 %ga oshgan boʻlsa, “Cobalt” va “Nexia” narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi.

Mahalliy ommabop avtomobillar uchun oktyabr oyida taklif qilingan oʻrtacha narxlar quyidagilarni tashkil qildi:

“Lacetti”: kam foydalanilgan - $15 236 ($15 452), koʻp foydalanilgan - $13 300 ($13 500);

“Damas”: kam foydalanilgan - $8 250 ($8 300), koʻp foydalanilgan - $7 500 ($8 000);

“Spark”: oʻrtacha foydalanilgan - $10 500 (sentyabr oyida – $10 200), koʻp foydalanilgan - $9 200 ($9 000).

Mahalliy lyuks avtomobillar narxlari. Joriy yilning oktyabr oyida mahalliy lyuks avtomobillaridan “Equinox” narxlari sezilarli oʻzgargan boʻlsa, “Malibu” va “Tracker” narxlari deyarli oʻzgarmadi. Jumladan, mazkur davrda kam va oʻrtacha foydalanilgan “Equinox”ning oʻrtacha narxlari sentyabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5% va 6,3%ga arzonlagan boʻlsa, koʻp foydalanilgani 1,9%ga oshdi.

“Equinox” uchun oktyabr oyida taklif qilingan oʻrtacha narxlar quyidagicha: kam foydalanilgan - $33 000 ($33 500), oʻrtacha foydalanilgan - $30 000 ($32 000); koʻp foydalanilgani- $27 000 ($26 500).

Elektomobil narxlari: Joriy yilning oktyabr oyida elektromobillar narxlari sezilarli darajada arzonlashdi. Xususan, BYD “Han” avtomobilining koʻp foydalanilgani oʻrtacha narxi 10,2% ga, oʻrtacha foydalanilgani 2,6% ga hamda yangisi 2,2% ga pasaydi. BYD Song Plus EV Chempionning oʻrtacha foydalanilgani 7,5%ga, yangisi 1,2%ga arzonlashdi.

Elektomobillar uchun oktyabr oyida taklif qilingan oʻrtacha narxlar quyidagicha:

BYD “Han”: koʻp foydalanilgan - $31 450 ($35 000), oʻrtacha foydalanilgan - $37 000 ($38 000);

BYD “Song Plus EV Champion”: oʻrtacha foydalanilgan - $27 500 ($29 750); yangi- $29 000 ($29 350)

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling