Kriminogen vaziyat ogʻir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmlari joriy etiladi

Endi jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganishlar oʻtkaziladi

Prezidentning “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, masʼul idoralar va muassasalar uchun 2025-yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi.

Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yoʻl xaritalari hamda 2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi, Dastur va “yoʻl xaritalari”ning ijrosini nazorat qilib borish uchun Bosh prokuratura huzurida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi tuziladi.

Endilikda, jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalari tomonidan ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganishlar oʻtkaziladi.

Barcha tuman (shahar) sektor rahbarlariga, Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati boshliqlariga va ichki ishlar organlari boshliqlari oʻrinbosarlariga 2025-yilda kriminogen vaziyat ogʻir mahallalar nomma-nom biriktiriladi.

Masʼullar faoliyati har oy yakunida – ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida – Bosh prokuror huzurida, har yarim yilda Bosh vazir huzurida tanqidiy muhokama qilinadi, har bir mahalla kesimida Prezidentga axborot berib boriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling