Prezidentning “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Xalqaro kurash institutining kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha faoliyati yanada kengaytiriladi hamda unga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklanadi:
- kurash boʻyicha xalqaro darajadagi malakali trenerlar va hakamlarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirib borish tizimini joriy etish;
- kurash boʻyicha ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirib borish, shuningdek, zarur oʻquv-uslubiy va ilmiy-amaliy qoʻllanmalarni ishlab chiqishni tashkil qilish;
- kurashning yangi yoʻnalishlarini joriy qilishda ishtirok etish, ularni ommalashtirish choralarini koʻrish;
- kurash trenerlari va hakamlarini xorijiy davlatlarga “eksport” qilishni yoʻlga qoʻyish;
- kurashni ommalashtirish, rivojlantirish va dunyoga tanitish hamda ushbu milliy sport turini umumjahon miqyosidagi sport turiga aylantirish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirib borish.
Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar zimmasiga Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va Xalqaro kurash institutining kurashni xalqaro miqyosda rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashish vazifasi yuklandi.
Mahalliy yirik tadbirkorlarni Kurash xalqaro assotsiatsiyasiga rasmiy homiy sifatida jalb qilib borish yoʻlga qoʻyiladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling