Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Kuvaytga boradi

Muzokaralar yakunida qator qoʻshma hujjatlar va bitimlar qabul qilinishi kutilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mishʼal as-Sabohning taklifiga binoan 17-18-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Al-Kuvayt shahrida oliy darajada ikki tomonlama muzokaralar hamda ushbu mamlakat hukumati aʼzolari, yetakchi kompaniyalari va bank-moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtadi.

Boʻlajak sammit kun tartibidan Oʻzbekiston-Kuvayt doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, savdo, innovatsiyalar, investitsiya va moliya, “yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sogʻliqni saqlash va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olishi koʻzda tutilgan.

Madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini kengaytirish masalalari ham diqqat markazida boʻladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Kuvayt yetakchilari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini koʻrib chiqadilar.

Muzokaralar yakunida qator qoʻshma hujjatlar va bitimlar qabul qilinishi kutilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling