1-martdan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan oylik pul kompensatsiyasi 20 foizga oshiriladi

Oila aʼzolari 3 kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi

Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, Prezidentning ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi:

  • 2025-yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun toʻlanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foizga oshiriladi;
  • 2025-yil 1-iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish koʻrsatkichlari asosida uy-joy bilan taʼminlanadigan, kalendar hisobida 10-yildan ortiq harbiy xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilarga turarjoy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.

Prezident qaroriga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, 2025-yil 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlarning kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turarjoy bilan taʼminlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun:

  • Toshkent shahrida – BHMning 4,8 baravarigacha miqdorda;
  • Nukus shahri va viloyatlar markazlarida – BHMning 3,6 baravarigacha miqdorda;
  • boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida – BHMning 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari belgilandi.

Oila aʼzolari 3 kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi.

2026-yildan har yili har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari miqdori hududlar kesimida turarjoy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda, Hukumat qarori bilan belgilab boriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling