Ushbu ish haftasi davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha nisbatan nam havo massasi sirkulyatsiyasi davom etadi, havo harorati iqlim me‘yorlari atrofida bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Respublika bo‘yicha 9-iyun kuni ba‘zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
10-11-iyun kunlari O‘zbekistonning shimoli-g‘arbida, 10-13 iyunda markaziy viloyatlar va Farg‘ona vodiysida ba‘zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning cho‘l hududlarida va janubida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Havo harorati 30-35 daraja atrofida, janubda 37 darajagacha bo‘ladi. 9-iyun va 12-13-iyunda respublika bo‘yicha shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. 9-iyunda yomg‘ir yog‘adi, ba‘zi joylarda kuchli bo‘ladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahrida 9-iyunda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda echsadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi, ba‘zi joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. 10-iyunda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
11-iyunda kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. 12-13-iyunda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 9-13 iyunda kechalari 21-23 daraja, kunduz kunlari 33-35 daraja bo‘ladi.