Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

O‘zbekiston va Xitoyda madaniyat markazlari ochiladi

Pekinda Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Pekinda 2-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Yagona Xitoy” siyosatini qo‘llab-quvvatlash hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalarida O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 14 mlrd dollardan oshdi, yil boshidan esa yana 23 foizga o‘sdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali bu ko‘rsatkichni 20 mlrdga yetkazish vazifasi turibdi.

Investitsiya loyihalari portfeli 60 mlrd dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024 yilda umumiy qiymati 10 mlrd dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan. Mamlakatimiz hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarish kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi oshirilmoqda.

Tashrif arafasida biznes forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi. “Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, pullik avtomobil yo‘llarini barpo etish, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xo‘jaligi, turizm va shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Xitoy tajribasi asosida O‘zbekistonda kambag‘allikka barham berishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi davom ettiriladi.

Innovatsion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston – Xitoy sunʼiy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘li qurilishining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ilm-fan, tibbiyot, taʼlim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. Mamlakatimizda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish to‘g‘risida Bitim imzolandi. Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan.

2025-yilda O‘zbekistonda ikkinchi Taʼlim forumi o‘tkaziladi. Xitoy tilini o‘rganishni kengaytirish va o‘zbekistonlik yoshlarni o‘qitish uchun kvotalarni ko‘paytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston hududlarida energetika, mashinasozlik, sunʼiy intellekt, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston – Xitoy “Lu Ban ustaxonalari”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Sayyohlar almashinuvi o‘sishi uchun sharoit yaratish maqsadida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda, ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz tartib joriy etildi.

Shu kunlarda Xitoy Milliy muzeyidagi katta ko‘rgazmada O‘zbekiston ham qatnashmoqda. 2027-yilda Shanxay va Pekinda sanʼat ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida o‘zaro madaniyat markazlarini ochish to‘g‘risida tarixiy bitim qabul qilinadi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling