Maktablarda oʻquvchilarning bilim olishiga salbiy taʼsir qiluvchi omillar oʻrganildi

Tadqiqotda Oʻzbekistonda olingan PISA 2022 soʻrovi natijalaridan foydalanildi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan Oʻzbekistondagi maktablarda bulling yoki bezorilik oʻquvchilarning akademik yutuqlariga qanday taʼsir qilishi oʻrganildi.

14-noyabr kuni “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni imzolandi. Xoʻsh, ushbu qonun nega muhim edi?

Maktabdagi bulling oʻquvchilarning ruhiy salomatligi va taʼlim natijalariga salbiy taʼsir koʻrsatib, uzoq muddatda inson kapitalining rivojlanishi, demografik dividend, iqtisodiy oʻsish va barqaror rivojlanishga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Bulling holatlari yuz berganda, u nafaqat jabrlanuvchilarning ruhiy yoki jismoniy holatiga zarar yetkazadi (Wolke va Lereya, 2015), balki ularning oʻquv koʻrsatkichlarini pasaytirib, taʼlim olish darajasining tushishiga sabab boʻladi (Yosep va boshqalar, 2023). Bu esa oʻz navbatida, malakasi past ishchi kuchining shakllanishiga olib keladi va natijada iqtisodiy rivojlanishga toʻsqinlik qiladi (OECD, 2010; Davlasheridze va boshqalar, 2018).

Tadqiqotda Oʻzbekistonda olingan PISA 2022 soʻrovi natijalaridan foydalanildi. Soʻrov mamlakatimizning turli hududlari boʻyicha 15 yoshli oʻquvchilarning javoblarini mujassam etgan boʻlib, uning asosida yaratilgan maʼlumotlar bazasi 202 ta maktab va 7293 nafar oʻquvchini qamrab oladi.

Mazkur soʻrov natijalariga koʻra, kamida har yetti oʻquvchidan bittasi maktabda oʻzini xavfsiz his qilmaydi va zoʻravonlik yoki bezorilikka guvoh boʻlgan. Ular yiliga kamida bir marotaba duch keladigan muammolar bular: oʻquvchilarning yomon gaplarni tarqatishi (21%), maktab hududida boshqa oʻquvchilar bilan urishishi (17%), boshqa bolalar tomonidan kamsitilishi (16%).

MHTI mutaxassislarining tadqiqot natijalariga koʻra:

  • Repest modeli yordamida qilingan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, maktabda xavfsizlik indeksining bir birlikka yomonlashishi oʻquvchilarning bahosini matematikadan oʻrtacha 5,2 ballga, oʻqishdan 6,2 ballga, tabiiy fanlardan 4,7 ballga kamaytiradi;
  • Bullingga uchrash indeksining bir birlikka oshishi oʻquvchilarning ballarini matematikadan oʻrtacha 5,0 ballga, oʻqishdan 5,4 ballga, tabiiy fanlardan 4,8 ballga kamaytiradi;
  • Bulling turlari orasida tovlamachilik (yaʼni, qoʻrqitish orqali pulni tortib olish) oʻquvchilarning akademik natijalariga eng kuchli taʼsir qilishi aniqlandi. Undan aziyat chekkan oʻquvchilarning ballari matematikadan oʻrtacha 57,6 ballga, oʻqishdan 67,4 ballga, tabiiy fanlardan 67,0 ballga kamayishi aniqlandi. Shuningdek, jismoniy va ogʻzaki bulling kabilar ham oʻquvchilarning taʼlim olishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillardir.

Takliflar:

Finlyandiya tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekiston maktablarida ham bullingga qarshi KiVa dasturini amalga oshirish. Kiva dasturi oʻz ichida bullingni oldini olish uchun darslar va onlayn oʻyinlar, jabrlanuvchiga maʼnaviy koʻmak, bulling bilan shugʻullangan bolaning ota-onasi bilan suhbat, maktab muhitini baholash uchun oʻquvchilar va xodimlar uchun onlayn soʻrovlar oʻtkazish kabilarni jamlagan.

Italiyaning “No Trap!” nomli bulling va kiberbullingga qarshi dasturini Oʻzbekiston uchun joriy etish. Bu dastur quyidagi asosiy xususiyatlardan iborat:

  • Oʻquvchilar, oʻqituvchilar va psixologlar uchun resurslar va tayyorgarlikni taqdim etish;
  • Onlayn hamjamiyat orqali oʻquvchilar oʻrtasida muhokamalar tashkil etish;
  • Oʻquvchilar tengdoshlaridan bullingga qarshi kurashish boʻyicha taʼlim olib bullingga qarshi kurashishini taʼminlash.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling