Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti 29-sentyabr kuni Afrika qitʼasidagi Ruanda davlatida Marburg gemorragik isitmasi qayd etilganligini maʼlum qildi. Maʼlumotlarga koʻra, 28-sentyabr holatiga Ruandaning 30 ta okrugining yettitasida, jami 26 ta tasdiqlangan holat roʻyxatga olingan va shundan 6 ta holatda oʻlim qayd etilgan.
JSST ushbu epidemiya xavfini milliy darajada juda yuqori, mintaqaviy darajada yuqori va butun dunyo darajasida past deb baholamoqda.
Sanepidqoʻmita axborot xizmatining xabariga koʻra, marburg virusi isitmasini oldini olish va uning ehtiyot choralarini kuchaytirish maqsadida dunyoning koʻplab mamlakatlarida bilan bir katorda Oʻzbekistonda ham davlat chegarasini kesib oʻtish joylarida faoliyat yuritayotgan Canitariya nazorat punktlarining (SNP) xushyorligi oshirilgan.
Marburg isitmasi bilan kasallanishni oldini olish maqsadida:
- Gemorragik isitma kasalligiga gumon qilingan bemorlarni oʻz vaqtida aniqlab, izolyatorlarga alohidalash;
- gumon qilingan bemorlar bilan muloqotda boʻlgan tibbiyot xodimlari tomonidan standart extiyot choralarini koʻrish, qoʻshimcha ravishda infeksiyani yuqtirishini oldini olishga qaratilgan shaxsiy ximoya vositalaridan toʻliq foydalanish;
- gumon qilingan bemorlarning qoniga tegmaslik, bemor ajratgan tana suyuqliklari, shuningdek ular bilan ifloslangan yuzalar bilan muloqatda boʻlmaslik;
- kasallikning etiologiyasi, klinikasi, laborator tashhisoti va kasallikni oldini olish va profilaktikasi boʻyicha tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish;
- kasallikni nazorat qilishda xavfsiz inyeksiya usullarini qoʻllash, shaxsiy himoya vositalaridan toʻgʻri foydalanish, qayta ishlatilayotgan tibbiy asboblarni zararsizlantirish va chiqindilarini xavfsiz yoʻq qilish;
- infeksiya boʻyicha aholini xabardorligini oshirish maqsadida aholi orasida tushuntirish va targʻibot ishlarini amalga oshirish kabi choralari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
“Shu oʻrinda fuqarolarimizga jiddiy xavotirga oʻrin yoʻqligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling