Mart oyida ob-havo qanday boʻladi?

Oʻzbekiston boʻyicha mart oyining birinchi oʻn kunligi boshida nisbatan sovuq havo boʻlishi kutilmoqda

Oʻzbekiston boʻyicha mart oyining birinchi oʻn kunligi boshida nisbatan sovuq havo boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

Harorat asosan kechalari 3 daraja sovuq, 2 daraja iliq boʻladi, kunduz kunlari 7-10 daraja iliqdan 0-3 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi. 2-3-mart kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi.

Respublika shimolida 1-mart kuni qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻlishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari 2-7 daraja sovuqdan 7-12 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuqdan 3-8 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi.

Birinchi oʻn kunlikning ikkinchi yarmida havo harorati me’yoriy qiymatlargacha – kechalari 3-8 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 10-15 daraja iliqqacha koʻtariladi. 8-10-mart kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda yana yogʻingarchilik (yomgʻir koʻrinishida) boʻlishi kutilmoqda.

Keyinchalik mart oyining oxirigacha harorat kechalari 7-12 daraja iliqdan 2daraja sovuq-3 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 17-22 daraja iliqdan 5-10 daraja iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda. Respublika janubida eng iliq kunlarda havo harorati 25-27 daraja iliqqacha koʻtariladi.

Jahon prognozlash markazlari hisoblariga asoslanib, Oʻzgidrometning dastlabki hisoblariga koʻra, umuman mart oyi biroz iliq oy deb baholanmoqda. Oʻrtacha oylik havo harorati me’yor atrofida, baʼzi joylarda me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori boʻlishi kutilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling