“Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi:
- Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, oʻtkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek ularni qalbakilashtirganlik uchun;
- Avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, shuningdek imtihonlar oʻtkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;
- Transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlaganlik uchun;
- Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;
- Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilgʻi aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.