Ayrim oilalarning talaba qizlariga maxsus stipendiya to‘lanadi

Kambag‘al oilalarning “aʼlo” baholarga o‘qiydigan farzandlarining oromgohlarda dam olish xarajatlari qoplab beriladi.

Prezident farmoni bilan, 2025-yil 1-iyundan “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “aʼlo” baholarga o‘qigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi.

2025-yil 1-sentyabrdan umumiy o‘rta taʼlim muassasasining uzaytirilgan kun guruhlariga qatnaydigan bolalar umumiy sonining 15 foizi miqdorida kambag‘al oilalar farzandlari uchun alohida kvota ajratiladi va ular ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi.

2026-yil 1-yanvardan kambag‘al oilalarning “aʼlo” baholarga o‘qiydigan farzandlarining O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda dam olishi va sog‘lomlashtirilishi xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Kambag‘al oilalar reyestri va Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtiruvchi davlat organi hisoblanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling