Markaziy bank 5 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘lladi

3 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025-yilning fevral oyidagi yig‘ilishlarida (8 marta) 43 ta masalani ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 31 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (8 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatdan o‘tkazish (3 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (5 ta) va vakolatxona ochishga ruxsat berish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (13 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.

Shu bilan birga, “ISHONCH PLYUS HAMKOR MIKROMOLIYA TASHKILOTI” MCHJning taʼsischilari tomonidan tashkilotni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi munosabati bilan ushbu mikromoliya tashkiloti davlat reyestridan chiqarildi.

Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ham muhokama qilindi.

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar, jumladan, Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy meʼyorlarga va qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi uchun 3 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Shuningdek, amaldagi qonunchilik, Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 5 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling