Markaziy bank raisiga parlament so‘rovi yuborildi

Tahlillar bank sektorida davlat ulushi yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Bank tizimini isloh qilish hamda banklarni transformatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, tahlillar bank sektorida davlat ulushi yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, xususiy banklar aktivlarining bank sektori aktivlari umumiy hajmidagi ulushi ham strategiyada 2025-yil uchun belgilangan maqsad ko‘rsatkichlaridan pastligicha qolmoqda.

Parlament so‘rovi muhokamasida deputatlar banklarni transformatsiya qilishdagi bunday holatlar tadbirkorlik subyektlari va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirishga salbiy ta‘sir ko‘rsatayotganini ta‘kidladi.

Bugungi kunda yangi tashkil etilgan kredit tashkilotlarining asosiy qismi Toshkent shahri va viloyat markazlarida joylashganligi sababli, qishloq hududlarida ularning xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan. Bu esa bank va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish hamda bunday xizmatlarning barcha aholi punktlarida ko‘rsatilishini ta‘minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishini talab etmoqda.

Shuningdek, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bank kartalari orqali firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan choralar, xususan bank tizimida zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish hamda axborot xavfsizligini lozim darajada ta‘minlash borasida ham tezkor chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, banklarni transformatsiya qilish, tadbirkorlik subyektlari va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirish, bank va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish bo‘yicha Markaziy bank raisi T. Ishmetovga ushbu masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling