Yoʻl qurilishi boʻyicha buyurtma olib berish uchun 50 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi

Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

Yoʻl qurilishi hamda taʼmirlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari N.Sh. oʻzganing ishonchiga kirib, unga “Toshkent-Boysun” avtoyoʻlini qurish va taʼmirlash loyihasi boʻyicha tender gʻolibi boʻlgan xorijiy kompaniyaning qiymati 500 ming AQSH dollarilik qurilish ishlarini bajarish boʻyicha buyurtmasini olib berishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga uning 10 foizini, yaʼni 50 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

U muqaddam bir necha marotaba sudlangan boʻlishiga qaramasdan, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling