Prezident raisligida meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi – tafsilotlar

Yigʻilishda ijro intizomi masalasi ham tahlil qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-noyabr kuni meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportini koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi kreditlar beriladi

Tomorqa va uylar oldi, mahalladagi koʻchalar boʻyi, dala cheti va kanallar atrofida 650 ming gektar yer bor. Bu ham oziq-ovqat mahsulotlari va daraxtlar ekish uchun yaxshi imkoniyat. Endi bu yerlarning aniq oʻlchami tasdiqlanib, Agroplatformaga kiritiladi. Aholi va fermerlar sifatli urugʻ tanlash, dori va oʻgʻitni toʻgʻri qoʻllash, mahsulotni sifatli saqlashga oʻrgatiladi.

Bu saʼy-harakatni ragʻbatlantirish katta yengilliklar beriladi. Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingida qoʻshimcha ball hisoblanadi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerning barcha yerlari uchun yer soligʻini ikki yilga boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million soʻmgacha boʻlgan kreditlar soddalashgan tizimda ajratiladi. Dala chetlari hisobi, yetishtirilgan mahsulot hajmi “e-Fitouz” portali orqali nazorat qilib boriladi.

Meva-sabzavotlarni qayta ishlash masalasi

Pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida karam, lavlagi, piyoz kabi mahsulotlar dalada qolib ketayapti. Bu yil tarvuzning ham katta qismi yigʻib olinmadi. Holbuki, ehtiyojdan ortgan mahsulotni quritib, kukun shaklida eksport qilish mumkin, bunga qandolatchilik korxonalarida talab katta.

Eksport yil davomida boʻlishi uchun “shok” usulida muzlatish texnologiyasi samarali. Shu bois Qishloq xoʻjaligi vaziri va viloyat hokimlariga kelasi yil shunday loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Shuningdek, 10 ta agrologistika markazi, mingdan ortiq sovutkichli omborxona tashkil etiladi. 40 ming gektardan ortiq sanoatlashgan intensiv mevali bogʻ va tokzorlar barpo etiladi.

“Yashil makon”

“Yashil makon” umummilliy loyihasiga yana bir bor eʼtibor qaratildi. Bu harakat doirasida har yili bahor va kuzda 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish belgilangan. Shu paytgacha vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan 257 ta “yashil bogʻ” barpo etilib, ularning soni 517 taga yetgan.

Prezident bu xayrli ishda davlat tashkilotlari namuna boʻlishi, qurilish kompaniyalari ijtimoiy masʼuliyat olishi kerakligini taʼkidladi.

Yigʻilishda ijro intizomi masalasi ham tahlil qilindi. Yil yakunigacha oz qolgani, belgilangan barcha vazifalarni bajarish natijadorlikni oshirishi qayd etildi. 

Kelgusi yil har bir vazirlik, viloyat va tumandagi ishlarning tizimli hisobi olib boriladi. Bu elektron platformaga oʻtkazilib, soʻrov ham, maosh ham shunga bogʻlanadi.

Bosh vazirga ushbu tizimni yoʻlga qoʻyib, ijro intizomi va nazoratini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling