Prezidentning “Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2024-yil 1-noyabrdan:
— xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish oʻrinlari haqidagi barcha maʼlumotlar Migratsiya agentligining elektron platformasi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq eʼlon qilib boriladi;
— Agentlikning elektron platformasida fuqarolarga oʻzining rezyumesini shakllantirish va joylashtirish hamda eʼlon qilingan ish oʻrinlari boʻyicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;
— vaqtincha mehnat faoliyatiga chiqib ketayotgan fuqarolarga Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan 10 million soʻmgacha ikki yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi;
— fuqarolarning xorijda ishga joylashishi va “ishchi viza”ga oid hujjatlarini rasmiylashtirish boʻyicha bepul konsalting xizmatlari koʻrsatiladi.
2024-yil 1-dekabrdan:
— Agentlik tomonidan taʼlim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi boʻlgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish boʻyicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi;
— xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablagʻlar miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.
2026-yil 1-yanvargacha Agentlikning fuqarolarni tashkillashtirilgan holda tanlash, xorijga ishga yuborish va ishga joylashtirish bilan bogʻliq funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga oʻtkaziladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling