Pul evaziga Koreya davlatiga ishga yuborish bilan shug‘ullangan Migratsiya agentligi xodimlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Agentlikning Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi bir guruh fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga 41 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur noqonuniy faoliyatni Migratsiya agentligi markaziy apparatining bosh mutaxassisi bilan birgalikda amalga oshirishi aniqlandi.
Tezkor tadbir davom ettirildi va ushbu masʼul xodim ham yuqoridagi pul mablag‘idan 15 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, Migratsiya agentligining mazkur xodimlari 2024-yilda 80 nafardan ortiq fuqarolarni Koreyaga yuborish uchun 700 ming dollardan ortiq pullarni olib, hozirga qadar ularni sarson qilib yurganliklari maʼlum bo‘ldi.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mazkur jinoiy guruhning qolgan aʼzolarini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.