Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Muzey Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning “Tadao Ando Architect & Associates” arxitektura byurosi hamda Germaniyaning “Atelier Brückner” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Uning tashqi qiyofasi aylana, to‘rt burchak va uch burchak shaklida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi.
Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi. Xitoyning “CSCEC International Construction” kompaniyasi tomonidan quriladi.
Hozir Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat bor. Ularning 100 mingi Davlat sanʼat muzeyida bo‘lib, shundan bor-yo‘g‘i 2 400 tasi namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma zallari yetarli bo‘lmagani sababli 97 mingdan ziyodi omborda saqlanmoqda.
Muzeyning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘ladi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar tashkil etiladi.
Muzeyda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari joylashadi.
Kelajakda ushbu muzey dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi.
Shundan so‘ng davlat rahbari majmua poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishni boshlab berdi.