Energetika vazirligi matbuot xizmati Oʻzbekistonda 1-dekabrdan 15-fevralgacha qancha gazdan noqonuniy foydalanilgani haqida maʼlumot berdi.
“Oʻzenergoinspeksiya”ning bergan maʼlumotiga koʻra, shu davrda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga oid 167 ta holat aniqlangan. Bu orqali 82 million 158,9 ming kub metr tabiiy gazdan asossiz foydalanilib, davlat manfaatlariga 210 milliard 428,2 million soʻmlik zarar yetkazilgan.
Shuningdek, “Hududgaztaʼminot” AJning bergan maʼlumotiga koʻra, mazkur davrda 6472 ta noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Ushbu holatlar boʻyicha 50 million 890 ming kub metr tabiiy gaz uchun 117 milliard 300 million soʻm miqdorida qayta hisob-kitob qilingan.
Qolaversa, shu vaqt oraligʻida 4942 dona maishiy gaz ballonida 77,8 tonna (36 ming kub metrga teng) hajmdagi suyultirilgan gazning noqonuniy sotilishi oldi olindi.
Hisobot davrida noqonuniy foydalanilgan tabiiy gaz hajmi 133 million 84,9 ming kub metr boʻlib, bu miqdordagi tabiiy gaz 266 ming 170 ta xonadonning qishki davrdagi bir oylik meʼyoriy bazasiga tengdir. Qolaversa, agar ushbu gaz resurslaridan oqilona foydalanilganida, metan zapravkalar 10 kun davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega boʻlardi.
Aniqlangan barcha holat boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, nazorat organlariga yuborilgan.