Iqtisodiyot va moliya vazirligi "2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi va Budjetnomani eʼlon qildi.
Unga koʻra, 2025-yilda asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoladi. Shuningdek, 2025-yilning 1-aprelidan tarkibida shakar boʻlgan nafaqat gazli ichimliklar, balki choy, sok va boshqa gazlanmagan shakarli ichimliklarning 1 litri uchun 500 soʻm miqdorida aksiz joriy etiladi.
Bundan tashqari, tarkibida shirinlantiruvchi yoki xoʻshboʻylantiruvchi moddalar boʻlgan gazlangan ichimliklar 1 litri uchun amaldagi 500 soʻmlik soliq 300 soʻmga tushiriladi.
Shu bilan birga, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun suv soligʻi sanoat korxonalari bilan birxillashtiriladi (760 soʻm).
”Avtomoyka”lar uchun suv soligʻi 1 metr kubi uchun 15 ming soʻm qilib belgilanmoqda. Amalda bu 2700 soʻm.
Mol-mulk va yer soligʻi esa 10%ga oshiriladi. Shuningdek, mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, import qilingan tabiiy gaz uchun ham ichki qazib olingan tabiiy gazni realizatsiya qilishdagi kabi aksiz soligʻi tartibi joriy etiladi. Aksiz stavkasi 20%dan 12%ga tushiriladi.
YATTlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkasi 10%ga oshiriladi. Faoliyat turi, joylashgan hududiga qarab eng kam va eng yuqori soliq stavkalari diapazoni belgilanmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling