“TOP-100” ayoli roʻyxatiga kirgan denovlik Dilorom Yoʻldoshevaga “Mardlik” ordeni topshirildi

Bu ayol nogironligi bor boʻlsa-da, tikuv korxonasini ochib, 40 nafar kambagʻal xotin-qizlarni ishli qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

Tahlillar koʻrsatganidek, baʼzi nogironligi bor insonlarda psixologik bosimlar sababli oʻziga boʻlgan ishonch yetishmaydi. Lekin, oʻzida kuch topib, ogʻir vaziyatdan chiqib, qahramonlik koʻrsatayotgan odamlar ham koʻpligi taʼkidlandi.

Prezident dunyoning eng ruhlantiruvchi “TOP-100” ayoli roʻyxatiga kirgan Denovlik Dilorom Yoʻldoshevaning ishlarini eʼtirof etdi. Bu ayol nogironligi bor boʻlsa-da, tikuv korxonasini ochib, 40 nafar kambagʻal xotin-qizlarni ishli qildi.

“Mana shunday irodali, matonatli insonlarni hammaga oʻrnak qilib koʻrsatsak, ular bilan har qancha faxrlansak arziydi”, – dedi davlat rahbari.

Prezident farmoniga muvofiq, yigʻilishda Dilorom Yoʻldoshevaga “Mardlik” ordeni tantanali topshirildi. Kelgusi yilda bunday insonlar haqida kamida 5 ta motivatsion hujjatli va badiiy filmlar suratga olish muhimligi taʼkidlandi.

Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Sh.Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling