Surxondaryo viloyatida qurilish sohasida firibgarlik holati aniqlandi, deb xabar berdi DXX.
Qurilish ishlarini loyihalashtirishga ixtisoslashgan MCHJ arxitektori Muzrabot tumanida yashovchi fuqaroga qarashli bo‘lgan, qurilishi tugallanmagan noturar bino loyiha hujjatlarini tegishli tashkilotlardan “muammosiz” o‘tkazib berish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 17 mln so‘m talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, arxitektor 17 mln so‘mdan 1 mln so‘mini Muzrabot tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘iga berishi kerakligi maʼlum bo‘lib, mazkur mansabdor ham ushbu pulni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.