Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) bir qator yangi xizmatlar joriy etiladi.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk hamda avtotransport vositalarini garov yoki ipotekaga qo‘yish, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qo‘yish yoki uni bekor qilish bo‘yicha murojaat yuborishi mumkin bo‘ladi.
Fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqamlari va bank kartalari haqidagi ma‘lumotlarni onlayn tekshirishi, shuningdek, SIM-kartalarni vaqtincha nofaol holatga o‘tkazishi yoki foydalanmayotgan raqamlarni o‘chirish bo‘yicha ariza yuborishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, ular telefon raqamiga ulangan pulli xizmatlar haqida ma‘lumot olishi hamda bank kartalarini bloklash (yopish) uchun emitentga onlayn murojaat yuborish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Fuqaro nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda bu haqda Yagona portal orqali avtomatik xabarnoma yuboriladi va ularning hisobi yuritiladi.