Nukusda uch kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi

Holat yuzasidan tekshirish harakatlari olib borilmoqda

Nukus shahrida uch kishi is gazidan zaharlanib halok boʻldi. Bu haqda Kun.uz nashri Bosh prokuratura matbuot kotibiga tayanib xabar berdi.

18-oktyabr kuni soat 07:51 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish markazi Qoraqalpogʻiston filiali shifokori K.Yerejepova IIBga Nukus shahri 23 kichik tumani 3/6-uyning 33-xonadonida yashagan 25 yoshli A.Ya., uning 23 yoshli xotini M.Ya va ularnikiga mehmonga kelgan 27 yoshli A.T is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar qilgan.

Voqea joyiga tergov-tezkor guruhi yuborilib, olib borilgan surishtiruv ishlari davomida A.Ya, M.Ya. va A.T uyning isitish qozonxonasi moʻrisidan chiqqan is gazidan (ugar) zaharlanib vafot etgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling