Oʻzbekistonda 2025-yilgi Navroʻz bayrami “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanadi

Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillari tashkil etiladi

Prezidentning “2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami Oʻzbekistonda “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanadi.

2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramining gʻoyaviy-badiiy konsepsiyasi maʼqullandi hamda bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tasdiqlandi.

Bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish maqsadida, ular uchun bayram dasturxoni yoziladi hamda turli xayriya tadbirlari oʻtkaziladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish aksiyalarini, umumxalq hasharlarini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillari tashkil etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling