Navro‘zda ayrim ko‘cha va yo‘llarda harakatning cheklanishi sababli aylanma yo‘llar tashkil etiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi JXD axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova maʼlum qildi.
Navro‘z umumxalq bayramida respublika hududida jami 200 dan ortiq obyektlarda bayram tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan. Fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida, IIV, MG, FVV xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek tibbiyot xodimlari hamda jamoatchilik vakillari safarbar etildi.
Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan barcha joylarning texnik mustahkamligi, tayyorgarlik darajasi hamkor vazirlik va idoralar bilan mukammal ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Tadbir o‘tkaziladigan obyektlarda 600 dan ortiq nazorat o‘tkazish joylari, psixolog xonalari va 140 dan ortiq BIO hojatxonalar tashkil etiladi. Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan obyektlar atrofiga videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, IIV ning monitoring va muvofiqlashtirish markaziga integratsiya qilingan.
Xalq sayillari o‘tkaziladigan joylarning atrof-hududlari jismonan, texnik va maxsus vositalar bilan to‘liq berkitiladi va kamida 150 m uzoqlikda avtoturargohlar tashkil etilib, nazoratga olinadi. Zaruriy holatlarda ayrim ko‘cha va yo‘llarda harakatning cheklanishi sababli, aylanma yo‘llar tashkil etiladi.
Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda bayram tadbirlari o‘tkazilishiga hamda ushbu joylardagi nosoz attraksionlar va boshqa o‘yin qurilmalarning ishlatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazoratga olingan va har bir tabdir obyektida mahalliy hokimlik, sog‘liqni saqlash va boshqa idora va tashkilotlar vakillarining navbatchiligi tashkil etiladi.
Bayram tadbirlari o‘tkazilayotgan vaqtda elektroenergiya, gaz, suv, obodonlashtirish va boshqa mutasaddi tashkilotlar har qanday vaziyatga shay holatda bo‘lishi hamda tunu-kun navbatchiligi tashkil etilishi belgilangan.
Shuningdek, bayram munosabati bilan Toshkent shahar hamda respublikamizning barcha yirik shaharlari va tuman markazlarida joylashgan dehqon bozorlari, yirik savdo komplekslari va chakana savdo shoxobchalarida tashkil etilgan “Maxsus yarmarka savdolari” atrofida jamoat tartibini saqlash va yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash choralari tashkil etilgan.