Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vaziri bilan uchrashuv oʻtkazdi

“Yashil” energetika sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Ar-Riyod shahrida oʻtkazilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammiti doirasida Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saudni qabul qildi.

Qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va “yashil” energetika sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari Oʻzbekiston energetika sohasini toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgan yetakchi “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Mamlakat hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, “yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekistonda mahalliylashtirish va korxonalar energiya samaradorligini oshirish jarayonlariga Saudiya Arabistoni kompaniyalari va maslahatchilarini jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling