Farzandini noqonuniy diniy taʼlim olishga jalb etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlari himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonun bilan “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida” gi qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz bolasini shaxsiy eʼtiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqiga egaligi, ular tomonidan oʻz bolasini qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olishga jalb etishga, yaʼni bolani roʻyxatdan oʻtkazilmagan yoki litsenziyaga ega boʻlmagan tashkilotlarga yoxud maxsus diniy maʼlumotga ega boʻlmagan va diniy tashkilotlarning Oʻzbekiston boʻyicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy taʼlimni amalga oshirayotgan shaxslarga diniy taʼlim olish uchun topshirishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilandi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan oʻz bolasini qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olishga jalb etish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 875 mingsoʻmdan 3 mln 750 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilandi.

Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 750 ming soʻmdan 5 mln 625 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishi belgilandi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling