Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti Oliy Majlisga taqdim etildi

2022-yil iyul oyida Nukusda ro‘y bergan tartibsizliklar qatnashchilarining 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun ogohlantirilgan

Ombudsman F.Eshmatova boshchiligida 14 nafar deputatlar, senatorlar, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiyaning axboroti Parlament palatalari kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

2022-yil iyul oyida Nukusda ro‘y bergan tartibsizliklar qatnashchilarining 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun ogohlantirilgan, 6135 nafar shaxsga ma’muriy jarima, 2639 nafar qatnashchiga esa ma’muriy qamoq jazosi belgilangan, 61 nafari jinoyatlar sodir etganligi aniqlangan.

Jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari (2 nafar ayol) Komissiya iltimosnomasiga ko‘ra oilasiga qaytarilgan, 30 nafar sudlanuvchi komissiya iltimosiga ko‘ra sud zalidan ozod etilgan.

Ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro (2 nafari huquqni muhofaza qilish idorasi xodimi) vafot etgan, 413 kishi jarohatlangan, shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari.

Komissiyaga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ommaviy tartibsizliklarni ma’muriy binolardan uzoqlashtirish, va tarqatib yuborish maqsadida suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika, ko‘zdan yosh oqizuvchi maxsus granatalardan foydalanilgan.

Fuqarolar va davlat idoralarining mol-mulkiga katta miqdorda 6,8 milliard so‘m moddiy zarar yetgan.

Tartibsizliklarni bartaraf etishda inson huquqlarini buzgan 3 nafar ichki ishlar organlari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Komissiya quyidagi tavsiyalarni bildirdi:

  • kelgusida davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim qarorlarni qabul qilish jarayonida umumxalq muhokamasi bosqichida mazmun-mohiyatini, unda ishtirok etish mexanizmlarini fuqarolarga to‘laqonli tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • barcha darajadagi davlat hokimiyati organlariga muhim siyosiy va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ehtimoliy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, chalg‘ituvchi va noxolis ma’lumotlar tarqalishi (dezinformatsiya) holatlariga o‘z vaqtida ta’sirchan munosabat bildirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • fuqarolarga o‘z ijtimoiy faolliklarini amalga oshirish jarayonida o‘zga shaxslarning huquqlarini poymol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va jamoat tartibiga rioya qilishning muhimligini izchil tushuntirib borish;
  • aholi ko‘p to‘planadigan va ko‘ngilochar joylarda bo‘luvchi fuqarolarning jamoat xavsizligiga tahdid soluvchi salbiy xatti-harakatlarini yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan doimiy profilaktik va tushuntirish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarini amalga oshirib borish;
  • ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qo‘llash va tartibbuzarlarni tarqatish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni muntazam yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borish.

Komissiyaning axborotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari kengashlarining tegishli qarori qabul qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling