Oʻzbekiston umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollar boʻlgan navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi

Oʻzbekistonning xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 4,2 mlrd dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi

Oʻzbekistonning umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollar ekvivalentidagi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozorlarida joylashtirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 18 va 20-fevral kunlari kuni Londonda dollarda 7-yillik, yevroda 4-yillik va soʻmda 3-yillik suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish boʻyicha buyurtmalar qabul qilinishi eʼlon qilindi.

Oʻzbekistonning xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 4,2 mlrd dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi, jumladan:

  • AQSH dollaridagi (7-yillik) obligatsiyalarga – 2 mlrd dollar;
  • yevrodagi (4-yillik) obligatsiyalarga – 1,6 mlrd yevro;
  • soʻmdagi (3-yillik) obligatsiyalarga – 7,3 trln soʻm.

Oʻzbekistonning xalqaro obligatsiyalari boʻyicha quyidagi foiz stavkalari qayd etildi:

  • 500 mln dollar miqdoridagi 7-yillik obligatsiyalar boʻyicha – 6,95 foiz (2024-yil may oyida chiqarilgan 7-yillik suveren xalqaro obligatsiyalari 7,125 foiz stavkasida joylashtirilgan);
  • 500 mln yevro (525 mln AQSH dollari) miqdoridagi 4-yillik obligatsiyalar boʻyicha – 5,1 foiz (2024-yilda 3-yillik obligatsiyalar – 5,375 foiz stavkasida);
  • 6 trln soʻm (463 mln AQSH dollari) miqdoridagi 3-yillik obligatsiyalar boʻyicha – 15,5 foiz (2024-yilda 3-yillik obligatsiyalar – 16,625 foiz stavkasida).

Maʼlumot uchun, yanvar—fevral oylarida ichki moliya bozorida 3-yil muddat uchun davlat gʻaznachilik obligatsiyalari boʻyicha foiz stavkasi 15,6-16,1 foizni tashkil etgan.

Xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablagʻlar davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish hamda ipoteka dasturini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga resurs ajratish uchun yoʻnaltiriladi. Jumladan:

  • Yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan obligatsiyalar dasturi doirasida “Yashil” maqomi bilan chiqarilgan boʻlib, “Yashil” obligatsiyalardan kelib tushadigan mablagʻlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish hamda shu kabi boshqa loyihalarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.
  • “Yashil” obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablagʻlarning sarflanishi yuzasidan hisobot xalqaro standartlarga muvofiq shakllantiriladi va eʼlon qilib boriladi.

2021-2024-yillar davomida umumiy qiymati 1,2 mlrd dollarga teng miqdordagi Oʻzbekistonning suveren xalqaro obligatsiyalari “Barqaror rivojlanish maqsadlari” va “Yashil”maqomi bilan chiqarilgan boʻlib, mazkur obligatsiyalardan tushgan mablagʻlarning sarflanishi yuzasidan hisobotlar xalqaro standartlarga muvofiq eʼlon qilib borilmoqda.

Bunda loyihalarni tanlab olish jarayoniga Birlashgan millatlar tashkilotining rivojlanish dasturi (UNDP) jalb qilingan hamda dastur boʻyicha “Sustainalytichs” tomonidan mustaqil xulosa taqdim etilgan.

AQSH dollari va soʻmda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablagʻlar respublika aholisini uy-joy bilan taʼminlash dasturini moliyalashtirish hamda umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim muassasalari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarini qurish, ularni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun yoʻnaltiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling