Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Toshkent shahrida koʻp qavatli uy-joylarga investitsiyalar daromadliligi oʻrganildi.
Aholi uchun turli investitsiya vositalarining, jumladan, aksiyalar, obligatsiyalar yoki pensiya fondlari kabi imkoniyatlarning cheklanganligi sharoitida rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa uy-joy narxlari oshib borayotgan bir paytda jamgʻarmalarni uy-joyga investitsiyalarga yoʻnaltirish tendensiyasi kuzatiladi.
Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda. Xususan, joriy yil fevralda poytaxtda koʻp qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi oʻrtacha 32,4%ni tashkil qilgan boʻlsa, oktyabrda ushbu koʻrsatkich 12,2%gacha tushdi. Ushbu koʻrsatkich uy-joy joylashgan hudud va xonalar sonidan kelib chiqib, bir biridan sezilarli darajada farqlanadi:
- 1 xonali: Mirzo Ulugʻbek – 2,3% (fevralda – 25,7%), Shayxontohur – 17% (50%);
- 2 xonali: Sirgʻali – 7,4% (19,4%), Shayxontohur – 17,2% (59%);
- 3 xonali: Bektemir – 3,2% (33,7%), Yunusobod – 13,7% (48,7%);
- 4 xonali: Bektemir – 2% (37,9%), Yunusobod – 17% (39,8%).
Uy-joy narxlari oʻzgarishidan olinadigan daromad. 2024-yil fevralda poytaxtda uy-joy va ijara narxlari nisbatan yuqori boʻlgan hudud – Shayxontohur tumanida uy-joy narxlari koʻtarilishi hisobiga koʻrilishi mumkin boʻlgan foyda oʻrtacha 35,8%ni tashkil etgan boʻlsa, oktyabr oyida ushbu koʻrsatkich 5,5%gacha tushdi. Shuningdek, oktyabrda uy-joy narxlari oʻzgarishidan olinadigan oʻrtacha daromad Mirobod (23,2%dan 1,9%ga) va Yakkasaroy (16,1%dan 3,5%ga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygan.
Mirzo Ulugʻbek va Uchtepa tumanlarida uy-joy narxlarining oʻsishdan deyarli toʻxtashi yoki biroz arzonlashishi natijasida oktyabr oyida mazkur hududlarda uy-joy narxlari oʻzgarishidan olinadigan oʻrtacha daromadlilik mos ravishda -2,6% va -2,4%ni tashkil etgan (fevral oyida 24,6% va 15%).
Uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan daromad. Joriy yil oktyabrda uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik oʻrtacha daromad Shayxontohur tumanida 10% (fevralda 11,6%), Mirobod tumanida 9,8% (10,4%), Yakkasaroy tumanida 9,5%ni (10,5%) tashkil etgan. Ushbu koʻrsatkich ijara narxlari nisbatan arzonroq boʻlgan tumanlar – Sirgʻalida 9,3% (8,4%), Uchtepada 9,7% (8,6%), Chilonzorda 9,3% (9,3%) va Olmazorda 9,1%ni (9,4%) tashkil etgan. Ushbu raqamlar ijaradan keladigan oʻrtacha daromad oʻsishi sekinlashganidan dalolat beradi. Taqqoslash uchun 2023-yil yanvardan 2024-yil sentyabrgacha boʻlgan davrda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depositlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 21%ni tashkil etgan.
Daromadlilik darajasi boʻyicha 1 va 2 xonali xonadonlarning investitsion jozibadorligi yuqori hisoblanadi. Joriy yil fevral oyida 1 va 2 xonali xonadonlarga yoʻnaltirilgan investitsiyalar daromadliligi mos ravishda 35,6% va 30,8%ni tashkil etgan boʻlsa, oktyabr oyida ushbu koʻrsatkichlar 16,7% va 12,2%ga tushdi. Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun daromadlilik koʻrsatkichi sezilarli darajada tushgan (mos ravishda 10,1% (fevralda 33%) va 9,9% (30,3%)).
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling“Rivojlanayotgan davlatlarda aholi jamgʻarmalarining uy-joyga yoʻnaltirilishi qisqa muddatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishi mumkin. Ammo, uzoq muddatda kapital bozorini rivojlantirish va aholi uchun diversifikatsiyalangan investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish muhimdir. Shu yoʻl bilan aholi jamgʻarmalari nafaqat saqlanishi, balki milliy iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiya qilib, yanada kengroq rivojlanish imkonini beradi”, — deyiladi tahlilda.