Odil Temirov “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tayinlovga qadar u “Oʻzbekneftegaz” AJ boshqaruvi raisining qayta ishlash boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Odil Temirov 1977-yilda tugʻilgan. Toshkent kimyo texnologiyalari institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini “Shoʻrtangaz” gaz-sanoat boshqarmasi kondensatni barqarorlashtirish sexi kuzatuvchiligidan boshlagan. Turli yillarda Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi, Uzbekistan GTL qoʻshma korxonasida ishlagan.
2015–2019-yillarda “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining chuqur qayta ishlash boʻyicha oʻrinbosari boʻlgan. 2019-yil fevral oyida “Oʻzkimyosanoat” raisi etib tayinlangan. 2020-yil yanvariga kelib, uning oʻrnini Joʻrabek Mirzamahmudov egallagan, Temirov esa faoliyatini “Oʻzkimyosanoat” raisining birinchi oʻrinbosari sifatida davom ettirgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling