O‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Maʼlum qilinishicha, Ohangaron shahrida "I.Y.'' nodavlat OTM bo‘lim boshlig‘i B.A. 4 nafar fuqaroni ushbu oliygohga 3-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga har biri uchun 1 ming dollar berishi kerakligini aytib, jami 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Buxoro shahrida fuqaro A.I. fuqaro N.Sh.ning ishonchiga kirib, qo‘shni Qirg‘izistondagi OTMda o‘qiganligi to‘g‘risida hujjat rasmiylashtirib berishni aytadi.
So‘ng u taʼlim muassasalari qabul komissiyasida ishlovchi tanishlari orqali Buxoro innovatsion tibbiyot institutiga 3-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Piskent tumanida fuqarolar J.E. va B.A. fuqaro K.X.ning ishonchiga kirib, uni go‘yoki Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.