Toshkentda qadimiy oltin tangalarning noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona idoralarini jalb qilgan holda Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1966-y.t. A.X. 100 dona oltin tangalarni Andijon shahrida yashovchi, 1963-y.t. E.S.ga 67 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida, ularning ikkalasi ham ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, fuqaro A.X.ga tegishli avtomashinadan qoʻshimcha 37 dona oltin tangalar ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ekspertiza xulosasiga koʻra, sof ogʻirligi jami 776 gr. boʻlgan 5 va 10 rubl koʻrinishidagi oltin tangalar numizmatik ashyolar sifatida madaniy boyliklar sirasiga kiradi hamda badiiy, tarixiy ahamiyatga ega hisoblanadi.

Asllik darajasi 900 va 916 boʻlgan mazkur qadimiy tangalar 1897-1911-yillar oraligʻida bosib chiqarilgan boʻlib, ularning umumiy qiymati 950 mln. soʻmni tashkil etadi.

Aniqlanishicha, fuqaro E.S. xalq tilida “Nikolay” tangalari deb aytiladigan ushbu tarixiy, moddiy qimmatliklarni Qirgʻiz Respublikasining Oʻsh viloyatiga olib borib, sotishni rejalashtirgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling