Shavkat Mirziyoyev Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tafsilotlar

O‘zbekiston yetakchisi dastlab Oq uyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.

Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston yetakchisi dastlab Oq uyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.

So‘ng Oval xonada yetakchilar muzokara o‘tkazdilar. O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yil sentabr oyida Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e‘tibor qaratildi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, “C5+1” formatida Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Davlat rahbari Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi. Uning o‘tkir xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida qo‘shayotgan shaxsiy hissasi va sa‘y-harakatlari alohida qayd etildi.

Donald Tramp shu kunlarda O‘zbekiston yetakchisi AQSH hukumati vakillari, yirik kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan samarali uchrashuv va muzokaralar o‘tkazganini olqishladi.

Yetakchilar qo‘shma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini yaratish va takomillashtirish muhimligini ta‘kidladi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari AQSH yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling