Srechko Katanes Oʻzbekiston MTJ bosh murabbiyligidan ketdi

Bunga Katanesning sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolari sabab bo'lgan

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar sababli OʻFA bilan tuzilgan shartnomani oʻzaro rozilik bilan bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda OʻFA matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, sloveniyalik murabbiy oʻz murojaatida hozirgi holatida vazifalarini toʻlaqonli, professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan qayd etdi.

Doimiy qoʻllab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun assotsiatsiyaga oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Terma jamoaga Jahon chempionati saralash bahslarida omad tiladi.

“Oʻz navbatida, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Srechko Katanesga terma jamoamiz boshqaruvidagi mehnatlarini uchun minnatdorchilik bildiradi. Salomatligini tiklab, murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirishini tilaydi.

OʻFA hamda Srechko Katanes oʻrtasidagi shartnoma oʻzaro doʻstona munosabatlarni saqlagan holda bekor qilindi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi lavozimiga munosib nomzod tayinlash borasida ish olib bormoqda”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling