Andijon viloyatining Asaka tumanida oʻtkazilgan reyd jarayonida qonunbuzilish holati fosh etildi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Tumanning “Amir Temur” MFY hududida joylashgan “S. T.” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish maskanida tabiiy gazdan foydalanish holati xatlovdan oʻtkazildi.
Oʻrganish jarayonida isteʼmolchi loyiha-texnik hujjatlarisiz, gaz taʼminoti tashkiloti bilan shartnoma tuzmasdan plastik quvurlar orqali gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, nostandart gaz soʻrgich uskunasini oʻrnatgan holda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Holat boʻyicha tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, 537 million 788 ming soʻmlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Barcha materiallar huquq-tartibot organlariga yuborildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling