Foto: Repost.uz
Prezident tomonidan imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi mehnat munosabatlari sohasida aholi tomonidan davlat va vakillik organlariga eng koʻp yoʻllanadigan murojaatlar va eʼtirozlarga aniq yechimlarni taqdim etadi.
Xususan, ish beruvchining ish haqini kechiktirish uchun javobgarligi (kechiktirilgan har bir kun uchun qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida) nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlandi. Ishdan boʻshatish nafaqasini ish beruvchida ishlagan stajiga qarab differensiatsiyalashgan miqdori belgilandi.
Bundan tashqari, mehnat nizolarini koʻrib chiqish jarayonida jamoatchilik nazorati mexanizmlari aks ettirildi.
Yakka mehnat nizolari komissiyalarda yoki sudda hal etilishi holatlari koʻrsatilgan, yakka mehnat nizosi mediatorga yuborilishini joriy etish, mehnat arbitraji tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Nizolarni muqobil hal qilishning imkoniyatlari kengaytirilib, sudlardagi ish hajmi kamaytirildi. Ayrim toifadagi xodimlarning mehnati huquqiy jihatdan tartibga solindi.
Shuningdek, ish beruvchi tomonidan ish vaqti rejimining turli xil variantlarini belgilash mexanizmlari (smenali ish, moslashuvchan ish rejimi, ish kunini qismlarga boʻlish va boshqalar) joriy etilmoqda.
Mikrofirmalar, YATTlarda mehnat qonunchiligi soddalashtirilishi, ish beruvchilarga muddatli mehnat shartnomasini tuzish asoslari kengaytiriladi, ish beruvchi tomonidan xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish va ishdan chetlashtirish tartibga solinadi.
Eng muhimi, yangilangan Kodeks bilan mehnat huquqlarini tartibga solishdagi boʻshliqlar va qarama-qarshiliklar bartaraf etiladi. Shu bilan birga 1 mln mavsumiy ish bilan band boʻlganlarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash imkoniyati yaratiladi.
Kodeks bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi normalarni oʻz ichiga olgan.
Eslatib oʻtamiz, yangi qabul qilingan mehnat kodeksida oʻzbekistonliklar uchun davlat bayramlari rasmiy dam olish kuniga toʻgʻri kelsa, qoʻshimcha dam olish berilishi belgilangan. Shuningdek, Oʻzbekistonda 15 yoshga toʻlmagan shaxslar bilan ham qonuniy mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat berilgani haqida xabar berilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling