Shavkat Mirziyoyev Bokuga yetib bordi

Davlat rahbarini Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 11-noyabr kuni amaliy tashrif bilan Boku shahriga keldi.

Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda davlat rahbarini Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturida Oʻzbekiston yetakchisining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Prezident, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazadi.

COP29 doirasida delegatsiyamiz tomonidan yerlarning tanazzulga uchrashi va choʻllanishga qarshi kurashish, ekologik taʼlimni rivojlantirish hamda iqlim kun tartibini ilgari surishda yoshlarning oʻrniga bagʻishlangan yuqori darajadagi tadbirlar oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasining maxsus tashkil etilgan Milliy pavilyonida Orolboʻyi mintaqasining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, bioxilma-xillikni asrash va boshqa yoʻnalishlarda 20 dan ortiq qoʻshimcha tadbir oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling