Shavkat Mirziyoyev Hindiston bosh vaziri va Turkiya prezidenti bilan uchrashuv oʻtkazdi

O'zbekiston va Hindiston yetakchilari boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini muhokama qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozon shahriga tashrifi doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va koʻp qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt, sanoat, energetika, farmatsevtika, transport kommunikatsiyalari boʻyicha dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va biznes forumini oʻtkazish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha oʻrta muddatli dastur qabul qilishga kelishib olindi.

Mamlakatlarimizda Madaniyat va kino kunlarini, tibbiyot va sport sohalarida hamda yoshlar ishtirokida, shu jumladan yoshlarning parlament tashkilotlari doirasida qoʻshma tadbirlar oʻtkazish taklifi bildirildi.

Yetakchilar boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻzbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish boʻyicha dolzarb masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.

Ikki davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va gumanitar sohalardagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.

Prezidentlar faol muloqotlar va samarali almashinuvlarni davom ettirish zarurligini qayd etdilar.

Geologiya va mineral resurslarni qazib chiqarish, elektrotexnika, mashinasozlik, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Qoʻshma madaniy-gumanitar tadbirlarni muntazam oʻtkazib borish zarurligi taʼkidlandi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashdilar.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling