Oziq-ovqat mahsulotlarining isteʼmol normalari har 3 yilda qayta koʻrib chiqiladi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi

“Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonun oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonun aholining oziqlik qimmatiga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini taʼminlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.

Vazirlar Mahkamasi oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi hamda Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelganda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tezkor chora-tadbirlarni belgilaydi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning maqsadi mamlakat aholisining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish hisobiga qanoatlantirishdan iborat.

Oziq-ovqat mahsulotlarining isteʼmol normalari mamlakatning demografik, ijtimoiy va iqtisodiy koʻrsatkichlariga asosan har 3 yilda qayta koʻrib chiqiladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling