Nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyiladi

Har bir bola uchun subsidiya miqdorining 30 foizi qoʻshimcha mablagʻ toʻlab beriladi

Prezidentning “Nogironligi boʻlgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, 2025-yil 1-martdan tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida, 2025-yil 1-oktyabrgacha respublikaning qolgan hududlarida 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda nogironligi boʻlgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari oʻrtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan tartibda berilgan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.

2025-yil 1-martdan kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etiladi:

  • kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanilgan bir kun uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan har bir bolaga bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida va 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan har bir bolaga – 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;

Bunda viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 koʻpaytiruvchi koeffitsiyentni qoʻllash orqali aniqlanadi.

Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning nogironligi boʻlgan har bir bolasi uchun yuqorida belgilangan subsidiya umumiy miqdorining 30 foizi miqdorida qoʻshimcha mablagʻ toʻlab beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling