Noyabrda ikkilamchi avtomobil bozorida oʻrtacha narxlar pasayishda davom etdi

MHTI 2024-yilning noyabr oyida ikkilamchi bozordagi avtomobil oʻrtacha narxlarini tahlil qildi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan 2024-yilning noyabr oyida ikkilamchi bozordagi avtomobil oʻrtacha narxlari tahlil qilindi.

Mazkur davrda oʻrtacha foydalanilgan mahalliy ommabop avtomobillar hamda xorijiy lyuks avtomobilllar oʻrtacha narxlari pasaygan boʻlsa, mahalliy lyuks va elektromobillar narxlarida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi.

Mahalliy ommabop avtomobillar narxlari. Joriy yilning noyabr oyida ikkilamchi bozorda oktyabr oyiga nisbatan:

  • “Onix”: oʻrtacha foydalanilgan - 4.8%ga ($14 600 dan $13 900 ga) , kam foydalanilgan - 5,4%ga ($14 900 dan $14 100 ga);
  • “Lacetti”: oʻrtacha foydalanilgan - 1.4%ga ($14 700 dan $14 500 ga), kam foydalanilgan - 1,1%ga ($15 200 dan $15 031 ga);
  • “Nexia”: oʻrtacha foydalanilgan - 0.9%ga ($11 500 dan $11 400 ga);
  • “Spark”: oʻrtacha foydalanilgan - 0.8%ga ($10 485 dan $10 400 ga);
  • “Labo”: oʻrtacha foydalanilgan - 2.4%ga ($8 300 dan $8 100 ga);
  • “Damas”: oʻrtacha foydalanilgan - 0.9%ga ($8 200 dan $8 125 ga), koʻp foydalanilgan - 1%ga ($7 600 dan $7 527 ga) arzonlagan.

Mahalliy lyuks avtomobillar narxlari. Mazkur davrda kam va oʻrtacha foydalanilgan “Malibu”avtomobilining oʻrtacha narxlari mos ravishda 3,0% ($30 100 dan $31 000 ga) va 1,7%ga ($29 000 dan $29 500 ga) oshgan boʻlsa, koʻp foydalanilgan “Equinox” oʻrtacha narxi 1.9%ga ($27 000 dan $26 500 ga) tushdi. Shuningdek, “Tracker” narxlarida oʻzgarish kuzatilmadi.

Elektomobil narxlari: Joriy yilning noyabr oyida oʻrtacha foydalanilgan BYD “Han”va BYD “Yuan Up” elektromobillar oʻrtacha narxlari mos ravishda 1,6% ($36 500 dan $35 900 ga) va 2,4%ga ($21 000 dan $20 500 ga) pasaygan boʻlsa, yangi BYD “E2” elektromobili 3,1%ga ($16 700 dan $17 216 ga) qimmatlashdi. BYD “Song Plus EV Chempion”ning narxi deyarli oʻzgarmadi (yangi - $29 000, oʻrtacha foydalanilgan - $26 600).

Xorijiy lyuks avtomobillar narxlari. Hyundai “Elantra” va Kia “Sportage” rusumli kam foydalanilgan avtomobillar oʻrtacha narxlari mos ravishda 2,2% ($23 000 dan $22 500 ga) va 1,5%ga ($32 500 dan $32 000 ga), oʻrtacha foydalanilgani esa 1,6%ga (“Elantra” - $22 000 dan $21 650 ga va Kia “Sportage” - $31 500 dan $31 000 ga) pasaydi.

Shuningdek, koʻp foydalanilgan Kia “K5” va Kia “Sportage” avtomobillar ham mos ravishda 1,2% ($26 300 dan $25 990 ga) va 3,4% ga ($31 000 dan $29 950 ga) arzonlashgan boʻlsa, Hyundai “Tucson” (koʻp foydalanilgan - $25 000, kam foydalanilgan - $33 000), Hyundai “Santa FE” (koʻp foydalanilgan - $35 000, kam foydalanilgan - $45 900) rusumli avtomobillar narxida sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling