Qozog‘istonda mushkul ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi

Uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati ish beruvchidan olib berildi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari ko‘magida Qozog‘istonda mushkul ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, fuqaro R.M. pasportini ish beruvchidan qaytarish va sog‘ligida kuzatilgan muammolar tufayli O‘zbekistonga yetib olishi uchun yordam so‘rab Bosh konsulxonaga murojaat qilgan.

U mart oyida Olmaota viloyatining Qorasoy tumanidagi fermer xo‘jaligida traktorchi bo‘lib ishlash uchun kelgan. Oradan bir-necha kun o‘tib, unda yurak xuruji kuzatilgan va o‘z vazifasini bajara olmagan.

Fermer xo‘jaligi rahbariyati esa uning og‘ir ahvoliga qaramay ishlashga majbur qilgan va ish joyini tashlab ketmasligi uchun fuqarolik pasportini va uyali aloqa vositasini tortib olgan.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari murojaatni o‘rgandi va yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralari ko‘rdi.

Mahalliy politsiya vakillari bilan birgalikda olib borilgan o‘rganishlar natijasida fuqaroning pasporti nopok ish beruvchidan olib berildi.

Fuqaro Bosh konsulxona xodimlari tomonidan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling