Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda viloyatning turizm salohiyatini yana-da kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Joriy yil boshidan mamlakatga kelgan xorijiy turistlar soni 27,3 foizga oshib, 5,4 mln nafarga yetdi. O‘zbekiston xorijiy turistlar sonini 20 mln nafarga, turizm eksportini 10 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olgan.
Buning uchun hududlarda turistlarni uzoqroq ushlab qoladigan yangi yo‘nalishlar va servis obyektlarini ko‘paytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obyektlarini barpo etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi hududini kengaytirish taklif qilindi. Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi qarshisidan oqib o‘tuvchi “Shaar” kollektori atrofini obodonlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur choralar natijasida Samarqand shahri, Nurobod va Samarqand tumanlarida mehmonxonalar sonini 850 taga, nomer fondini 20 ming o‘ringa, turizm xizmatlari hajmini 750 mln dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda aholi yashashi uchun qulay infratuzilma yaratish eng asosiy vazifa ekani taʼkidlandi. Buning uchun ijtimoiy obyektlar qurish, yo‘l, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, elektr taʼminotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat loyihalarini infratuzilma bilan taʼminlash maqsadida 1,2 trln so‘m ajratish taklifi bildirildi.
Samarqand shahrida renovatsiya dasturi asosida “Kimyogarlar” qo‘rg‘onini aholi uchun qulay qiyofaga keltirish bo‘yicha master-rejani bir oy muddatda tasdiqlash, Bulung‘ur tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi hududini kengaytirish, yil yakuniga qadar Samarqand shahrining “Temiryo‘l orti” hududidagi bo‘sh turgan yer va binolar o‘rnida sport, madaniyat, musiqa va sanʼat maskanlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, viloyat hokimligi huzurida ijtimoiy soha obyektlarini qurish va taʼmirlash jamg‘armasini tashkil etish maʼqullandi.
Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha iqtisod qilingan mablag‘lar ushbu jamg‘armaga yo‘naltirilishi belgilandi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning axboroti tinglandi. Davlat rahbari Samarqand viloyatining har bir tumanida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.