Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

Sobiq rahbar Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori v.b. bo'ldi

Anvar Alimov akademik Yo. Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

U 1978-yilda hozirgi Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan. Turli yillarda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida dekan, Prezident devonida konsultant, yetakchi konsultant, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari, Sogʻliqni saqlash vaziri, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori kabi masʼul lavozimlarda ishlagan.

Alimov tayinlovga qadar Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi sifatida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.

Botirbek Isabekov Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

U 2001-yili Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining bakalavriat, 2003-yili Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining ordinatura bosqichlarini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Uchtepa tumanidagi 30-son oilaviy poliklinika hamda ushbu tuman tibbiyot birlashmasida bosh shifokor muovini, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, boshligʻi kabi masʼul lavozimlarda ishlagan.

Isabekov tayinlovga qadar Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari sifatida faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling