Bekobod va Shahrisabzda “prava” olib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bekobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “A.Q.” MCHJ avtomaktabi xodimi J.J. 4 nafar fuqaroga goʻyoki Sirdaryo viloyati IIB YHXBda ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomalarini olib berishini aytib, evaziga fuqaro U.J.dan jami 1 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Shahrisabz shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro M.A. fuqaro N.O.ga goʻyoki Qashqadaryo viloyati IIB YHXBda ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga jami 300 AQSH dollari va 2,3 mln soʻm pullarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 1,6 mln soʻmning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling