Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahriga tashrifi doirasida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni shoir va mutafakkir Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligiga bagʻishlangan xalqaro forum yuksak darajada oʻtkazilgani bilan samimiy muborakbod etdi.
Suhbatda Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, koʻp qirrali hamkorlikni, ayniqsa siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash jadal oʻsayotgani, birgalikda chegaraoldi savdo hududi barpo etilayotgani, energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida hamkorlik kuchayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol hududlarlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuv doirasidagi tadbirlar muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda.
Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham koʻrib chiqdilar.
Boʻlajak oliy darajadagi muloqotlar rejasi ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Turkman xalqining milliy yetakchisiga Maxtumqulining oʻzbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari toʻplamini sovgʻa qildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling