Prezident — deputatlarga: "El-yurtimiz yangi parlament va mahalliy kengashlar aʼzolaridan koʻp narsani kutmoqda”

Davlat rahbari parlament saylovi borasidagi fikrlarini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Davlat rahbari avvalo 27-oktyabrda mamlakatda boʻlib oʻtgan parlament saylovi borasidagi fikrlarini aytdi.

Qayd etilganidek, ushbu saylov Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirayotgan tub islohotlar samarasini oʻzida yaqqol aks ettirdi, demokratik taraqqiyotimizni yorqin ifodasi sifatida hayotimizda oʻchmas iz qoldirdi.

Prezident koʻp millatli xalqimizga saylovlarda yuksak siyosiy madaniyat va faollik koʻrsatib, fuqarolik burchini masʼuliyat bilan ado etgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xalq vakili degan yuksak maqomga ega boʻlgan barcha yurtdoshlarimizni chin qalbdan tabrikladi.

Saylovlar natijasida yurtimizda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan yangi vakillik organlari tizimi ham shakllangani taʼkidlandi.

“Shu tariqa mamlakatimiz demokratik taraqqiyotning yangi davriga, sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda.

Biz barcha boʻgʻindagi deputatlarimiz timsolida zimmasidagi masʼuliyatni chuqur anglaydigan, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, xalqimizning erkin va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida oʻzini ayamasdan tinimsiz harakat qiladigan, bor bilim va tajribasini Vatan ravnaqi uchun safarbar etadigan fidoyi insonlarni tasavvur qilamiz.

Partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida fuqarolarimizni orzu-intilishlari, dardu tashvishlari, mavjud muammolarni hal etish yoʻllari oʻz ifodasini topganini alohida taʼkidlash lozim.

Xalqimiz sizlarning yangi gʻoya va tashabbusingizga katta umid va ishonch bilan qaramoqda. El-yurtimiz yangi parlament va mahalliy kengashlar aʼzolaridan koʻp narsani kutmoqda”, - dedi Prezident.

Davlat rahbari ana shunday sharafli va ezgu vazifalarni ado etishda xalq vakillariga kuch-gʻayrat, yutuq va omad yor boʻlishini tiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling